ODAM SAVDOSIGA QARSHI KURASHISHNING HUQUQIY ASOSLARI

  B.Sarimsoqov, B.Inatullayev (NamDU o’qituvchisi) |    Завантажити статтю

Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasida huquqiy demokratik davlat qurish, adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish yo’lida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning asosiy maqsadi inson va fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda manfaatlarini himoya qilishdir. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, 4-moddasiga ko’ra, “Hech kim qullikda yoki erksiz holatda saqlanishi mumkin emas: qullik va qul savdosining barcha ko’rinishlari taqiqlanadi”. Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida belgilanganidek, “Hech kim qiynoqqa solinishi, zo’rovonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas”. Yuqoridagilardan ko’rinib turibdiki, O’zbekiston Respublikasida inson huquq va erkinliklarini ta’minlashning milliy va xalqaro asoslari yaratilgan. Shunday bo’lsa-da, bugungi kunda ushbu sarhad bilmas jinoyat - noqonuniy daromad kеltiruvchi asosiy biznеs turlaridan biriga aylangan. Ma’lumki, odam savdosi-insonning hayoti, erkinligi va huquqlaridan mahrum qilib, birovlarning qo’lida qul bo’lishga mahkum etish, insonlar umriga zomin bo’lish, ularning erki, taqdiri va kelajagini oyoqosti qilishdek eng og’ir va jirkanch jinoyatlardan sanaladi. Bugungi kunda huquqiy adabiyotlarda odam savdosi transmilliy jinoyatchiligi haqida huquqshunos olimlar tomonidan turlicha ta’riflar keltirilgan. Huquqshunos olima Repiskayaning fikriga ko’ra, ”Odam savdosi deganda, shaxsni sotib olish yoki unga qarshi qaratilgan boshqa qonunga xilof bitimlarni, shuningdek, shaxsni qo’lga kiritish va undan har qanday shaklda ekspluatatsiya qilish maqsadida va ayirboshlashni bildiradi”.