ARAB TILI VA ARABIYLASHTIRILGAN SO’ZLAR

  Foziljon SHUKUROV, Shahriyor JO’RAEV (Samarqand, O’zbekiston) |    Завантажити статтю

Arab tili uzoq qadim zamondan Arabiston katta yarim orolida vujudga kelgan. Eng qadimgi arablarning paydo bo’lishi milodgacha bo’lgan birinchi mingyillikning boshlariga to’g’ri keladi. Aslida arablar o’zlarini qadimgi Qahton – janubiy arablar va Adnon – shimoliy arablar urug’idan tarqalgan deb hisoblashadi. Arab tili aslida somiy tillar guruhining janubiy shoxobchasiga taalluqli. Somiy tillar guruhi bo’lsa uch shoxobchaga bo’linadi. Janubiy shoxobchasiga habash, arab va suqotra tillari, shimoliy-g’arbiy shoxobchasiga oromiy, yahudiy (ivrit), finiqiy, ugoriy va hokazo, shimoliy-sharqiy shoxobchasiga aqqod tili (bobil va assuriy lahjalari bilan) kiradi. Bu tillarning ko’pi o’lik tillar hisoblanadi va bugungi kunda habash tili amhar, kuraga, tigra kabi lahjalar shaklida mavjud. Ivrit tili Isroil davlatida qaytadan tiklandi. Arab tili taraqqiyotini o’rganish jarayonida uch bosqichga ajratiladi: qadimgi zamon arab tili, klassik arab tili va hozirgi zamon arab tili. Qadimgi arab tilidan bizgacha ba’zi yodgorliklarda bitilgan yozuvlar shaklida etib kelgan. Ushbu yozuvlar asosida tadqiqotchilar qadimgi arab tilining grammatik qurilishini aniqlashga muvaffaq bo’lishdi. Bu tilning so’s boyligi ham qisman aniqlandi.