Ta’limni tarbiyadan, tarbiyani esa ta’limdan ajratib bo‘lmaydi- bu sharqona qarash, sharqona hayot falsafasi. Tarbiya – har bir insonning hayotda yashashi jarayonida ortirgan saboqlari va intellektual salohiyatlarining ijobiy ko’nikmasini o’zgalarga berish jarayoni. Bu haqda fikr yuritganda, Abdulla Avloniyning «Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidir» degan chuqur ma’noli so‘zlarini yodga olish mumkin. Buyuk ma’rifatparvar bobomizning bu so‘zlari asrimiz boshida millatimiz uchun qanchalar muhim va dolzarb bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda ham biz uchun shunchalik, balki undan ham ko‘ra muhim va dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, o‘zbek xalqi azaldan o‘zining bolajonligi, oilaparvarligi bilan ajralib turadi. Albatta, farzandga mehr qo‘yish, ularning qornini to‘q, ustini but qilish o‘z yo‘li bilan, lekin bolalarimizni yoshlik chog‘idan boshlab milliy tarbiya, axloq-odob, yuksak ma’naviyat asosida voyaga yetkazish biz uchun doimo dolzarb ahamiyat kasb etib kelgan. Bu masalaga e’tibor bermaslik nafaqat ayrim ota-onalar, balki butun jamiyat uchun juda qimmatga tushishini ham ko‘pgina hayotiy misollarda ko‘rish mumkin.