O‘ZBEK XALQI MANAVIY-RUHIY QIYOFASINING O‘ZIGA XOS JIHATLARI VA UNING TARIXIY ILDIZLARI

  Muyassar Tojiahmedova (Namangan, O’zbekiston)  |    Завантажити статтю

Ma'naviy qiyofa millatlarning mavjud va idrok etish mumkin bo‘lgan belgilardan biri bo‘lib, uning kelib chiqishi xalqning butun tarixi bilan uzviy bog‘langandir. O‘zbeklar o‘ziga xos shakllanish jarayoniga ega xalqdir. Tarix guvohlik beradiki, o‘zbek xalqi mazkur hududda yashagan tub yerli etnoslardan tomir olgan, ikkinchi ildizi esa qadimiy turkiy xalqlardan boshlangan. Har ikkala asosiy ildizlarning birikishi - o‘zaro sintezi o‘zbek elatini va keyinchalik o‘zbek millatini tashkil etgan. Millat-arabcha so‘z bo‘lib odatda xalq ma'nosini anglatadi. Falsafa qomusiy lug‘atida millat tushunchasiga zamonaviy ta'rif berilgan. Jumladan, unda “ millat – bu til, ma'naviyat, milliy o‘zlikni anglash, ruhiyat, urf-odatlar, an'ana va qadriyatlar yagonaligi asosida muayyan hududda yashovchi, ijtimoiy aloqalar bilan bog‘langan, mustaqil sub'ekt sifatida o‘ziga xos moddiy va ma'naviy boyliklarni yaratuvchi kishilarning etnik birligidir” - deb ta'rif beriladi.