1-2-SINF O’QUVCHILARINING MA’NAVIY DUNYOSINI SHAKLLANTIRISHNING SAMARALI USULLARI (O’tmish mutafakkirlarining shaxsi va asarlari misolida)

  Mehribon Rahimova (Namangan, Uzbekistan) |    Скачать статью

Ta’lim-tarbiya tizimini tubdan o’zgartirish, barkamol insonni shakllantirish ertangi taqdirimizni belgilab beruvchi dolzarb masalalardan biriga aylandi. Ijtimoiy-siyosiy, madaniy va ma’naviy yuksalishga doir islohotlar amalga oshirilayotgan O’zbekiston sharoitida mustaqil fikrlovchi yoshlarga ehtiyojning oshishi davr talabidir. Hayotga ziyrak ko’z bilan qaraydigan, teran fikrlovchi, mustaqil dunyoqarashga ega, iqtidorli shaxslarni kamol toptirish va tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustivor yo’nalishlaridan biridir. O’zbekiston Respublikasining “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” va “Ta’lim to’g’risida”gi qonunida ko’rsatib o’tilganidek, demokratik jamiyatda insonni erkin va mustaqil fikrlaydigan qilib tarbiyalash zarur.1 Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Beruniy, Kaykovus singari Sharq mutafakkirlari e’tirof etgan inson ma’naviy kamolotining zaruriy shartlaridan biri mustaqil va mantiqiy tafakkurdir. Bu jarayonda o’quvchi mukammal faollik, ijodkorlik, tashabbuskorlik ko’rsatadi.