JAHON MAMLAKATLARI MOLIYA TIZIMIDA DAVLAT ULUSHI BO’LGAN BANKLARNING TUTGAN O’RNI

  Azimjon Axmadjanov, Mehmonali Aliqulov (Toshkent, O’zbekiston Respublikasi) |    Скачать статью

Xalqaro amaliyotda milliy iqtisodiyotning rivojlanishiga ko’maklashish maqsadida davlat ulushi bo’lgan banklar tashkil etiladi. Jahon mamlakatlarining ko’pchiligida davlat banklarining faoliyatini yo’lga qo’yishdan bosh maqsad moliyaviy infrastrukturani yaxshilash, moliyaviy sektorda uzoq muddatli kreditlash natijasida vujudga kelgan bo’shliqni to’ldirish, mamlakat iqtisodiyotining tayanch soha va tarmoqlari moliyasida yengilliklar yaratish va iqtisodiyotdagi sust faoliyat olib borayotgan segmentlarni moliyaviy sohadagi ishtirokini qo’llab quvvatlash yoki kerditlash orqali ko’maklashish va shu bilan bir qatorda davlatning moliyaviy tartibga solish va nazorat funksiyalarini amalga oshirishda qulayliklar yaratishdir. Jahon amaliyotida davlat banklari faoliyat yo’nalishlariga va tashkiliy shakliga ko’ra davlat tijorat banklari, taraqqiyot banklari va kvazibanklar shaklida tashkil etiladi[1, p12]. Bular orasida davlat tijorat banklari salmog’i ancha yuqori bo’lib, bugungi kunda dunyoning 130ga yaqin mamlakatida kapitalida davlat ulushi bo’lgan tijorat banklari mavjud [2, p16]. Taraqqiyot banklari esa davlatlar iqtisodiyotining rivojlanganlik darajasi, makroiqtisodiy profili va uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasinining ustuvor yo’nalishlaridan kelib chiqqan holda tashkil etilganligi bois aktivlar salmog’i bo’yicha eng yirik, ko’rsatilgan moliyaviy xizmatlar hajmi bo’yicha esa davlat tijorat banklaridan keyingi o’rinni egallaydi.