ARAB TILIGA INGLIZ TILIDAN O’ZLASHTIRILGAN SO’ZLARNING AYRIM XUSUSIYATLARI

  Foziljon Shukurov, Kubaro Mamadaliyeva Abduvahob Vaxidov (Samarqand, O’zbekiston) |    Download article

Zamonaviy ilm-fan rivojlanishi va texnika taraqqiyoti natijasida arab dunyosida ham hanuz 19-asrning boshlanishida taraqqiyot sari siljishlar boshlandi. Shu bilan birga, siyosiy-ijtimoiy, madaniy va boshqa sohalardagi singari til sohasiga ham o’zgarishlar kiritish zaruriyati yuzaga kelgan edi. Asrlar davomida ilm-fan va madaniyat sohalarida ulkan asarlar yaratgan tilni yangi davr oldida yana bir karra katta sinovlar kutar edi. Yana bir yangi sinov degan iborani anglashimiz uchun, Arabistonning 7-8-asrlaridan misol keltirishni lozim topdik. Zero o’sha paytlarda badaviy, ya’ni sahroiy bo’lgan arab qabilalari hukmronlikni qo’lga kiritgandan so’ng, o’z hokimiyatlarini saqlab qolish uchun faqat cho’l va sahrolarda ishlatiladigan til emas, balki o’sha davrning butun sohalarini qamrab oladigan qudratli arab tili lozim edi. Ya’ni arab tilini na faqat din va shariat arkonlarini tushuntirishda ishlatiladigan, balki siyosiy-ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy, hamda adabiyot, san’at va boshqa sohalarda keng ishlatilishi mumkin bo’lgan tilga aylantirish zarurati tug’ilgan edi.