O`QISH DARSLARIDA O`QUVCHILAR NUTQINI O`STIRISHDA INNOVATSION TEXNOLOGIYADAN FOYDALANISH

  N. To`rayeva (Namangan, VXTXQTMOI) |    Download article

Har bir o'qituvchining dunyoqarashi uning muomalasida namoyon bo'ladi. Muomalaning asosiy vositasi - tildir. Xalqimizda shunday naql bor: «Bola - shirin so'zning gadosi». Shunday ekan, o'qituvchi muomala jarayonida juda ehtiyotkor bo'lishi maqsadga muvofiqdir. Shuning uchun ham o'qituvchi har doim nutq madaniyatiga qattiq e'tibor berishi, o'zining psixologik, estetik, jismoniy, axloqiy jihatlarini namuna sifatida namoyon etishi muhimdir. Boshlang'ich sinf o'qituvisining faoliyati faqat darslarini o'tish bilan cheklanmaydi, uning vazifasiga “Ifodali o'qish”,“Yosh adabiyotchilar” to`garaklarini tashkil etish hamda tanlovlarni tayyorlash va o'tkazish, o'quvchilarning nutq madaniyatini nazorat qilish, badiiy adabiyotlarni o'qish va ularni uyushtirish, bolalar va qo'g'irchoq teatri ishini yo'lga qo'yish kabi tadbirlar ham kiradi. Nutq madaniyatini shakllantirish ishlari o'quvchilarga, maktab jamoalariga, ota-onalarga, jamoatchilikka o'zining nutq, muloqot madaniyati bilan ta'sir ko'rsatishdan iboratdir. Bu ishlar faqat dars faoliyatida (she’r aytishda, ifodali o'qishda) pedagogik mahoratni egallashnigina emas, balki o'quvchilarning nutq faoliyatini boshqara olishini ham taqozo etadi.