PEDAGOGIK MAHORATNING MUHIM QIRRALARI VA UNI SHAKLLANTIRISH YO`LLARI

  Азиза Болтабоева (Гулистан, Узбекистан) |    Download article

Har tomonlama yetuk, o`z kasbining ustasi, yuksak mahoratli pedagog kadrlarni tayyorlash davlat ta`lim siyosatining ustuvor yo`nalishlaridan biridir. Prezident I.A. Karimov o`zining “Yuksak ma`naviyat – yengilmas kuch” asarida o`qituvchining mehnatini sharaflaydi, uning mahoratiga yuksak ishonch bildiradi. Pedagogik adabiyotlarda pedagogik mahoratga turlicha ta`riflar beriladi. Masalan, D. Abdurahimovaning fikricha, pedagogik mahorat – bu o`qituvchi nutqining ravon va ta`sirchan o`tilayotgan mavzuga o`quvchi diqqatini torta oladigan, mavzuga mos ko`rgazmalar ijod qilib va undan unumli foydalana oladigan, har qanday sharoitda ham o`quvchi qalbiga yo`l topa oladigan, har bir darsda bolaning qiziqish va faoliyatini oshira oladigan kishi faoliyatidir. Biz ushbu fikr va boshqa ta`riflarga qo`shilgan holda, pedagogik mahoratni quyidagicha tushunamiz: pedagogik mahorat – bu o`z pedagogik faoliyatini yuksak darajada tashkil eta olishini ta`minlovchi o`qituvchi-tarbiyachining shaxsiy sifat va fazilatlari yig`indisidir.